'UzProgress' asosiy varaqPartiyalar

Solnoma Prezident Diplomatik aloqalar va elchilar Davlat ramzlari Partiyalar va jamoatchilik birlashmalari Islohotlar O`zbek modeli Xorazm Ma'mun Akademiyasi

 

Hozirgi kunda O`zbekistonda to`rtta partiya va bir qancha jamoat birlashmalari faoliyat ko`rsatmoqda. Quyida ana shu partiyalar va tashkilotlar haqida o`qishingiz mumkin.

XDP    "Vatan taraqqiyoti"    "Adolat" SDP     "Xalq birligi"    "Milliy tiklanish"    "Fidokorlar" FMDP    "Kamolot"   "Ma'naviyat va ma'rifat"
"Qizil Xoch va Qizil Yarim oy"


O`zbekiston Respublikasi Xalq Demokratik Partiyasi

O`zbekiston Respublikasi Xalq Demokratik partiyasi 1991 yil 1 noyabrda Toshkentda bo`lib o`tgan Ta'sis qurultoyi Qaroriga binoan tuzildi, uning Dasturi va nizomi qabul qilindi. Partiya raisi qilib I.A.Karimov saylandi. Bu partiyaning a'zolari soni 450 mingga yaqin. 1994 yildagi saylovlarda XDP vakillari Oliy Majlisda deputatlarning 27 foizdan ziyodini tashkil qildilar.

O`zbekiston XDPning dasturi quyidagilardan iborat:

- milliy mustaqillikni mustahkamlash;

- tub iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma'naviy islohotlarni amalga oshirish orqali ravnaq topgan, qudratli, demokratik davlat, adolatli, insonparvar jamiyatni bunyod etish;

- kishilarning millati, siyosiy qarashlari, diniy e'tiqodlaridan qat'iy nazar, munosib hayot kechirishi uchun teng imkoniyatlarni yaratish;

- fuqarolarning erkinlar va xuquqlari, tinch hayot kechirishlarini kafolatlash.

Bu maqsadlarni keng targ`ib qilish maqsadida 1993 yil dekabrda O`zbekiston XDPning milliy istiqlol mafkurasi qabul qilingan.

XDPning nashrlari: “O`zbekiston ovozi”, “Golos Uzbekistana” gazetalari va “Muloqot” jurnali.

XDP o`z saflarida keng ommani - ziyolilar, ishchilar, xizmatchilar, dehqonlar, tadbirkorlar, yoshlar, fayxriylarni, 80 ga yaqin millat va elat vakillarini birlashtiradi.

Tepaga


“Vatan taraqqiyoti” partiyasi.

“Vatan taraqqiyoti” partiyasi 1992 yil mart oyida tuzilgan. A'zolari soni 35 mingdan ortiq.

Partiyaning maqsad va vazifalari uning nomida aks etgan bo`lib, vatan taraqqiyotiga xizmat qiladi, jumladan:

- erkin bozor munosabatlari asosida O`zbekistonning iqtisodiy va ma'naviy mustaqilligini rivojlantirish;

- demokratik jamiyat taraqqiyotini jadallashtirishga qadam-baqadam ta'sir ko`rsatish;

- ziyolilar, tadbirkorlar va dehqonlar manfaatini ifoda etish;

- xususiy mulkchilikni har tomonlama muhofaza qilishni rivojlantirish;

- faoliyatda hamisha amaliy tajriba hamda sog`lom aql-idrokka tayanib ish ko`rish.

Partiya o`z nashriga ega bo`lib, bu “Vatan” gazetasidir. Partiya huzurida jamoatchilik fikrini o`rganish markazi, tahlil-axborot markazi ishlab turibdi.

Partiya ilg`or ziyolilar, tadbirkorlar, xususiy mulk egalari, fermerlar va dehqonlarni o`z safiga birlashtirgan.  

2000 yilda partiya "Fidokorlar" milliy demokratik partiyasi bilan birlashib, "Fidokorlar" nomi ostida faoliyat ko`rsatmoqda.

Tepaga


O`zbekiston Respublikasi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 1995 yil fevral oyida tuzilgan. O`zbekistonning 147 shahar va tumanlarida hududiy tashkilotlari mavjud. A'zolarining soni 35 mingdan ortiq.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o`z oldiga quyidagi vazifalarni qo`yadi:

- xuquqiy demokratik davlat qurish;

- mamlakat mustaqilligini mustahkamlash;

- Vatanga sodiq xizmat qilish;

- adolatli fuqaroviy jamiyat qurish;

- siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy demokratiya talablariga hamda mamlakatimizda yashab turgan barcha millat va elatlarning orzu-umidlariga monand shart-sharoit yuzaga keltirishga hissa qo`shish.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida 47 ovozga (1998 yilga) ega bo`lib, ular partiyaning parlamentdagi fraktsiyasini tashkil etadi.

Partiyaning nashri - “Adolat” gazetasi. 

Tepaga


“Xalq birlig” jamoatchilik harakati.

“Xalq birligi” jamoatchilik harakati 1995 yil may oyida O`zbekiston jamoatchiligining tashabbusi bilan tashkil qilindi. “Xalq birligi” - siyosiy partiya emas, balki umumxalq harakati bo`lib, siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda ishlaydi.

Harakatning asosiy maqsadi: demokratik, xuquqiy davlat va adolatli fuqaroviy jamiyat yaratish uchun kurashda O`zbekistonda istiqomat qilib turgan barcha millat va elatlarni jipslashtirish.

“Xalq birligi” harakati O`zbekiston Baynalmilal madaniy markazi, milliy madaniy markazlar, respublika “Ma'naviyat va ma'rifat” markazi bilan hamkorlikda ish olib boradi, “Turkiston - umumiy uyimiz” xalqaro harakat ishtirokchilarini qo`llab-quvvatlaydi.

Matbuot organi - “Birlik” va “Edinstvo” gazetalari. 

Tepaga


 O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 1995 yil 3 iyunda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Ta'sis qurultoyida tashkil qilingan. Bu partiya o`z faoliyatida ko`proq ziyolilarga suyanadi. A'zolari soni 6 mingga yaqin.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoliyatining asosiy yo`nalishlari quyidagilardir:

- millatning ma'naviy birligi;

- Vatan (Turkiston) - yagona oila;

- kuchli demokratik davlat;

- milliy qadriyatlar;

- ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va umumjahoniy integratsiya;

- zamon kishisi;

- milliy istiqbol.

Partiya Millat, Inson va Vatan manfaatini muqaddas deb bilan.

Matbuot organi - “Milliy tiklanish” gazetasi.

Bu partiya Oliy Majlisda o`z fraktsiyasiga ega emas. 

Tepaga


O`zbekiston Respublikasi “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi

“Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi 1999 yil 4 yanvarda tashkil etilgan. Bu partiya o`z nomi bilan vatan fidokorlarini, vatan ravnaqi uchun kuyib, yonib yashaydigan o`zbekiston fuqarolarini birlashtirdi. “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi o`z maqsad va niyatlari bir xil bo`lganligi uchun “Vatan taraqqiyoti” partiyasi bilan birlashdi va hozirda “Fidokorlar” nomi iostida o`z faoliyatini davom ettirmoqda. 1999 yil dekabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlarda partiya deputatlikka o`z nomzodlarini qo`ydi. 2000 yil yanvardagi Ozbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lib o`tgan saylovlarda “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi nomidan prezidentlikka Islom Abdug`aniyevich Karimov nomzodi ko`rsatildi.

Tepaga


O`zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar jamg`armasi

“Kamolot” jamg`armasi O`zbekiston yoshlarining nodavlat xayriya-jamoat birlashmasi bo`lib, 1996 yil 17 apreldagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tashkil topgan.

Jamg`armaning asosiy vazifasi - yoshlarning iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy, madaniy, xuquqiy manfaatlari va ehtiyojlarini o`rganish, ularni qondirish yuzasidan dasturlar tuzish, hayotga tadbiq etish, davlat, hukumat dasturlari, islohotlarni bajarishga ko`maklashish, yoshlarni Konstitutsiya, qonunlar, davlat va hukumat qarorlarini hurmat qilish, ularga amal qilish ruhida tarbiyalash, yoshlar uchun yangi ish joylari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish masalalarini o`rganish hamda mazkur masalalarni hal etishda hukumat idoralari, hokimliklar, vazirliklar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish.

Jamg`armaning viloyat, shahar va tumanlarda bo`limlari mavjud. “Kamolot” jamg`armasining jamoatchilik markazlari joylarda 14 yoshdan 35 yoshgacha bo`lgan yoshlar istagi va tashabbusi bilan tashkil topishi mumkin. Uning mablag`i turli ixtiyoriy pul o`tkazish va xayriyalar hisobiga tashkil topadi, noshirlik, o`yinlar va boshqa tadbirlar hisobiga boyib boradi. 

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati.

O`zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati 2001 yil 25 yanvar kuni yoshlar masalalari bo`yicha yig`ilishda Prezidentimizning kiritgan takliflariga asosan “Kamolot” yoshlar jamg`armasi asosida tashkil etildi. Harakatning ta'sis qurultoyi 25 aprel kuni bo`lib o`tdi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining asosiy vazifalari:

- mamlakatimizda erkin demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etishga ko`maklashish maqsadida muntazam ravishda yoshlarning xuquqiy bilimini oshirib borish;

- barkamol avlod tarbiyalash soxasidagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishga yoshlarni jalb etish, bu borada turli davlat va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik qilish;

- yoshlarning kuch-g`ayratini, intellektual salohiyati, kasb malakasini Vatan ravnaqi uchun yo`naltirish;

- xalqaro yoshlar tashkilotlari bilan o`zaro foydali aloqalarni yo`lga qo`yish;

- yoshlar va o`smirlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini keng targ`ib etish, jinoyatchilik, diniy ekstremizm, giyohvandlik, loqaydlik kabi turli illatlarga qarshi kurashda Harakatning tasirchan kuchga aylanishiga erishish;

- millatlararo totuvlik va do`stlikni yanada mustahkamlashga xissa qo`shish;

- yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o`rgatish, boqimandalik kayfiyatidan xalos qilish, tadbirkorlik qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularda bozor iqtisodiyoti ko`nikmalarini yuzaga chiqarish, mulkka egalik tuyg`usini shakllantirish;

- yoshlarni ish bilan ta'minlashda s?shimcha imkoniyatlar yaratish, shu yo`l bilan yangicha fikrlaydigan mulkdorlarni shakllantirish va ularni "Kamolot" tayanadigan ijtimoiy kuch bo`lishiga erishish.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining shiori - “Vatan menga nima berdi deb emas, men o`zim xalqim, Vatanim uchun nima qilmoqdaman”, deb yashash kerak.

Nashlari: “Turkiston” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari.

Tepaga


 Respublika “Ma'naviyat va ma'rifat” jamoatchilik markazi

Respublika “Ma'naviyat va ma'rifat” jamoatchilik markazi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 23 apreldagi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 8 iyundagi 288-Qaroriga asosan tashkil etilgan. Markaz respublika jamoatchiligi bilan hamkorlikda ish yurituvchi, byudjet ajratmalari va xo`jalik hisobidagi mablag`lar asosida faoliyat ko`rsatuvchi tashkilotdir. Uning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat:

- O`zbekiston xalqining ma'naviy-madaniy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhiga mos g`oyalarni shakllantirish va hayotga tadbiq etish, respublikada ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yo`lga qo`yish yuzasidan tavsiyalar hozirlash;

- yuksak iste'dod va tafakkur sohiblarining aqliy-ijodiy salohiyatini Vatan istiqboli sari yo`naltirish;

- millatlararo do`stlik va hmjihatlikni, yurtimizni tinchlik, barqarorlik hamda fuqarolar totuvligini, mintaqa xalqlarining mushtarak ma'naviy-ma'rifiy, madaniy ildizlarini tadqiq va tahlil asosida targ`ib etish;

- mamlakatdagi va dunyodagi xilma-xil mafkura, e'tiqod, g`oyalarni o`rganish, sog`lom dunyoqarash hamda siyosiy madaniyatni shaklantirishda ishtirok etish;

- jamoat birlashmalari, ilmiy-ijodiy muassasa va tashkilotning ommaviy-axborot vositalarining o`zaro samarali hamkorligiga ko`maklashish;

- ma'naviy-ma'rifiy masalalarga doir ma'ruzalar uyushtirish, anjuman va suhbatlar o`tkazish.

Matbuot organi - “Tafakkur” jurnali.

Markaz qoshida “Oltin meros” xalqaro jamg`armasi, “Ma'naviyat” nashriyoti va “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil etilgan. “Kasb ma'naviyati” o`quv kurslari muvaffaqiyat bilan ishlab turibdi.

Tepaga


Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyati

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatiga Shveytsariyada asos solingan. Bu jamiyat halokat qurbonlariga yordam berish, jamiyatning yordamga muhtoj qatlamlariga har tomonlama yordam berish, birinchi yordam ko`rsatish bo`yicha o`quv mashg`ulotlari tashkil qilish, Xalqaro Inson Xuquqi bo`yicha bilimlarni tarqatish, qurolli to`qnashuvlar davrida esa harbiy tibbiyot xizmatchilariga ko`maklashish vazifalarini bajaradi.

Bu jamiyatning belgisi - Shveytsariya bayrog`i ranglarining teskari ko`rinishidir (Shveytsariya bayrog`ida qizil rangga oq xoch belgisi chizilgan). “Qizil Xoch” va “Qizil Yarim oy” belgilarining hech qanday farqi yo`q. Lekin ko`p davlatlar yarim oy belgisini tanlaganlar.

Hozirda juda ko`p davlatlarda Milliy Xalqaro Qizil Yarim oy jamiyatlari tashkil qilingan. Bu jamiyatlar o`z davlatlarining muammolarini bartaraf etishga ko`maklashib, davlat rivojlanishiga o`z xissasini qo`shib kelmoqda.

O`zbekiston Qizil Yarim oy milliy jamiyati 1925 yil 14 noyabrda tuzilgan. 1992 yil 28 may - O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “O`zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati to`g`risida”gi Farmonga imzo chekdi. O`zbekiston Qizil Yarim oy milliy jamiyatining faxriy Prezidenti qilib O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov saylandi.

Bu jamiyatning hozirgi kundagi faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri - O`zbekiston Yoshlar Qizil Yarim oy jamiyatini tuzish. Bu jamiyatning asosi Yoshlar Markazlari va klublar bo`ladi. Bu Markazlar Niderlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya Qizil Xoch jamiyatlari va Xalqaro Qizil Xoch jamiyati bilan hamkorlikda tashkil qilinadi.

Yoshlar Markazlari yoshlarning o`qishi, bilim olishi uchun sharoit yaratish, giyohvandlik va OITSning oldini olish yo`lida katta ishlar qilmoqdalar.

Bu jamiyatning O`zbekistondagi faoliyati to`g`risidagi to`liq ma'lumotlarni www.redcrescent.uz saytidan olishingiz mumkin.

 

Solnoma Prezident Diplomatik aloqalar Davlat ramzlari Partiyalar va jamoatchilik birlashmalari Islohotlar O`zbek modeli Xorazm Ma'mun Akademiyasi

Copyright (c) 2001 Umrbek Yusupov.'UzProgress' asosiy varaq

Web master: Umrbek & Shodlik

Talab va takliflarni quyidagi e-mail ga yuboring: umrbek79@mail.ru

Saytning oxirgi yangilangan vaqti: 25-08-2001

ХоÑтинг от uCoz